22-yanvar kuni INTI xalqaro universiteti bilan imzolangan memorandum doirasida mazkur oliygoh granti asosida Malayziyaga jo‘nab ketayotgan Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Ma’lumot uchun: INTI Xalqaro Universiteti (INTI International University & Colleges) Malayziyaning eng nufuzli xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, QS World University Rankings 2026 reytingida 509-o‘rinni egallagan. Universitet bilan o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shuningdek, 2025-yilda 28 nafar O‘zDJTU talabasi INTI xalqaro universiteti granti asosida yozgi almashinuv dasturida ishtirok etib, xorijiy muhitda ta’lim olish, til ko‘nikmalarini rivojlantirish va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Uchrashuvda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov talabalarga Malayziyada bo‘lish jarayonida O‘zbekiston va O‘zDJTU haqida taqdimotlar o‘tkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berish, shuningdek, kelgusidagi ilmiy faoliyat uchun zarur materiallar to‘plash va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev talabalarga Malayziyada bo‘lish davrida O‘zbekistonning boy madaniy merosi va milliy urf-odatlarini munosib tarzda namoyish etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish bilan bir qatorda, xavfsizlik masalalariga jiddiy yondashish, ushbu mamlakatning ichki qonun-qoidalariga qat’iy amal qilish, turli noqonuniy harakat va oqimlar ta’siriga tushib qolmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, talabalar safar davomida aniq reja asosida til va jurnalistika sohalaridagi bilimlarini chuqurlashtirishi hamda qaytib kelgach, belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi lozimligi qayd etildi.
Bo‘lim mutaxassisi M. Ogay tashkiliy hamda o‘quv-uslubiy masalalar bo‘yicha yo‘riqnomalar va amaliy ko‘rsatmalar bilan tanishtirdi.
Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A. Matyakubov esa talabalar INTI xalqaro universitetida jurnalistika va kommunikatsiya yo‘nalishlarida olib borilayotgan ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishib, orttirgan tajribalarini kelgusida fakultet doirasida o‘rtoqlashishlari muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida talabalar O‘zDJTU rahbariyati tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorliklarini bildirib, mazkur dastur ularning kasbiy va shaxsiy rivojida muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirdilar.