26-dekabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani 299-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili ikkinchi fakulteti, Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchisi N. Egamberdiyeva va o‘qituvchi F. Ashurova ishtirokida navbatdagi ingliz tili to‘garagi mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulot mavzusi “CEFR va til kompetensiyasini baholash” bo‘lib, dars 10-sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan variativ guruhda olib borildi hamda o‘quvchilarning ingliz tilidagi bilim va ko‘nikmalarini xalqaro CEFR standartlari asosida baholashga qaratildi.

Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga CEFR (Common European Framework of Reference for Languages) tizimi, uning A1–C2 darajalari, har bir darajaga xos til kompetensiyalari, shuningdek o‘qish, tinglash, yozish va so‘zlashuv ko‘nikmalarini baholash mezonlari bo‘yicha batafsil nazariy ma’lumotlar taqdim etildi. Amaliy misollar orqali har bir darajaning o‘ziga xos jihatlari tushuntirildi.

Dars jarayonida o‘quvchilar juftlik va guruh ishlari, muloqotga asoslangan mashqlar hamda topshiriqlar orqali CEFR tizimi asosida o‘z bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar. Interaktiv faoliyatlar ularning tilni tushunish, fikrni aniq ifodalash va mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

Mashg‘ulot yakunida o‘quvchilar CEFR tizimi, til darajalari va baholash mezonlari yuzasidan o‘z fikrlarini erkin bayon etdilar hamda mavzu bo‘yicha zarur bilim va kompetensiyalarni egalladilar. To‘garak mashg‘uloti o‘quvchilarning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishini oshirish va tilni samarali o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini kuchaytirish bilan yakunlandi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube