Akademik mobillik dasturi

Abumannobov Ozodbek:

Men, Abdumannobov Ozodbek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti talabasi sifatida 2025–2026 o‘quv yilining yozgi semestrida Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Johannes Gutenberg nomidagi Mayns universitetida bir semestr davomida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Ushbu akademik almashinuv dasturi mening shaxsiy va kasbiy rivojlanishimda muhim bosqich bo‘ldi.

Ta’lim jarayonida tarjimashunoslik, lingvistika va madaniyatlararo kommunikatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy nazariy hamda amaliy bilimlarni egalladim. Xalqaro akademik muhitda tahsil olish orqali tanqidiy fikrlash, tahlil qilish va mustaqil ishlash ko‘nikmalarim yanada rivojlandi. Ayniqsa, turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan birgalikda o‘qish madaniyatlararo muloqot tajribamni boyitdi.

Yana bir quvonchli yangiligim shuki, ushbu davr mobaynida Goethe-Zertifikat C1 xalqaro sertifikatini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdim. Nemis tilini puxta egallash menga nafaqat Germaniyada muvaffaqiyatli tahsil olish, balki Fransiya, Shveytsariya, Lyuksemburg va Avstriya kabi Yevropa davlatlarining tarixiy obidalari, madaniyati, ta’lim tizimi, urf-odatlari va aholisining turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini ham berdi. Bu esa xorijiy tillarni bilish inson hayotida naqadar katta imkoniyatlar yaratishini amalda isbotladi.

Ishonchim komilki, ushbu tajriba kelgusida malakali tarjimon, ilmiy tadqiqotchi va xorijiy tillar mutaxassisi sifatida faoliyat yuritishimda muhim o‘rin tutadi. O‘z bilim va tajribamni O‘zbekiston ta’lim tizimi hamda tarjimashunoslik sohasini rivojlantirish, yoshlarning xorijiy tillarni chuqur o‘rganishiga hissa qo‘shish yo‘lida samarali qo‘llashni maqsad qilganman.

Xulosa qilib aytganda, Germaniyada o‘tkazgan ushbu bir semestrlik tahsil davri men uchun unutilmas hayotiy tajriba, katta mas’uliyat maktabi va kelajakdagi yutuqlarim sari muhim qadam bo‘ldi. Bunday imkoniyat yaratilishida yaqindan ko‘mak bergan ustozimiz Lutfulla Xoliyarov hamda Misha Gabovichga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Rustamova Asem:

Erasmus+ dasturi doirasida Germaniyada tahsil olish men uchun akademik bilimlarimni oshirish, shuningdek, shaxsiy va kasbiy rivojlanishim uchun katta imkoniyat yaratdi. Dastur davomida olgan nazariy bilimlarimni amaliyotda qo‘llash, zamonaviy ta’lim metodlari asosida tashkil etilgan interaktiv mashg‘ulotlarda ishtirok etish hamda nemis tilini tabiiy muhitda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldim.

Universitetdagi darslar, kundalik hayot va mahalliy aholi bilan muloqot qilish orqali til ko‘nikmalarim sezilarli darajada rivojlandi. Erasmus+ dasturi menga turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan tanishish, ularning madaniyatini o‘rganish va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarimni mustahkamlash imkonini berdi. Shuningdek, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarning ahamiyatini yanada chuqurroq anglashimga xizmat qildi.

Menimcha, Erasmus+ xalqaro tajriba orttirish, xorijiy tillarni rivojlantirish, yangi do‘stlar orttirish, dunyoqarashni kengaytirish hamda kelajakdagi ta’lim va mehnat faoliyati uchun raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishga xizmat qiladigan eng nufuzli xalqaro ta’lim dasturlaridan biridir.

Umuman olganda, Erasmus+ dasturida ishtirok etish menga yangi bilim, qimmatli tajriba, unutilmas taassurotlar va hayotiy saboqlarni taqdim etdi.

Teshaboyeva Odinaxon:

Men, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti talabasi sifatida, 2025–2026 o‘quv yilining yozgi semestrida Germaniyada tarjima yo‘nalishi bo‘yicha bir semestr tahsil olish uchun grant yutganimdan juda xursandman.

Akademik almashinuv dasturi davomida o‘zim uchun juda ko‘p yangi bilim va tajribalarni egalladim, yangi do‘stlar orttirdim hamda ular bilan muloqot qilish orqali nemis tilini yanada takomillashtirishga muvaffaq bo‘ldim.

Men bilan birga kelgan kursdoshlarim va ustozimiz bilan Fransiya, Shveytsariya, Lyuksemburg hamda Avstriya kabi davlatlarga sayohat qilib, ularning madaniyati, tarixi va turmush tarzi bilan yaqindan tanishdik. Bu tajribalar mening dunyoqarashimni yanada kengaytirdi.

Kelgusida bu yerda olgan bilim va tajribalarimni yanada mustahkamlab, magistratura bosqichida ta’limimni davom ettirishni hamda universitetimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman.

Shuningdek, Germaniyada tahsil olishimizga sababchi bo‘lgan ustozimiz Lutfulla Xoliyarov hamda Germaniyada bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan Misha Gabovichga samimiy minnatdorligimizni bildiraman.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube