“Biz — sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarimiz” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda OIV infeksiyasining oldini olishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbir “Biz — sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarimiz” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

 

 

Davra suhbatini Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Valijon Sadiyev ochib, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, talabalarning salomatligini asrash va turli kasalliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Tadbirda universitet Tibbiy bo‘lim xodimlari — Azimbayeva Zilola Mamasidiqovna va Abdusattorova Nigora O‘ralboyevna talabalarga OIV infeksiyasi (Odam immunitet tanqisligi virusi) haqida batafsil ma’lumot berdilar. Mutaxassislar kasallikning yuqish yo‘llari, xavf-xatarlari va undan himoyalanish choralari, shuningdek, antiretroviral terapiya yordamida virusni nazorat ostida saqlash imkoniyatlarini yoritib berdilar.

 

 

Shuningdek, “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etilib, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Valijon Sadiyev talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda talabalar o‘z muammo va takliflarini bevosita yetkazib, ta’lim jarayoni, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan savol-javoblarda faol ishtirok etdilar. Zarur masalalar yuzasidan keyingi choralar belgilanib olindi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar mutaxassislardan va prorektor Valijon Sadiyevdan batafsil javoblar oldilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube