Britaniya Kengashi rahbariyati O‘zDJTUga tashrif buyurdi

2026-yil 9-fevral kuni Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Michael Houlgate va direktor o‘rinbosari Jamilya Gulyamova O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdilar.

 

 

Tashrif doirasida mehmonlar O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov bilan uchrashdilar. Uchrashuv davomida universitet faoliyati, xalqaro reytinglardagi mavqei, ta’lim dasturlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, britaniyalik ekspertlar ishtirokida amalga oshirilayotgan PRESETT dasturi va University Governance loyihasi doirasida ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun Britaniya Kengashi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirildi.

Rektor Ilxomjon Tuxtasinov Buyuk Britaniyadan mutaxassis-o‘qituvchilarni universitet ta’lim jarayoniga faol jalb etish, shuningdek, O‘zDJTU ingliz tili o‘qituvchilari uchun Buyuk Britaniya oliygohlarida malaka oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Bundan tashqari, britaniyalik talabalar uchun O‘zDJTU tomonidan Yozgi lager dasturi tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Uchrashuvda mehmonlarga universitet faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.

Direktor o‘rinbosari Jamilya Gulyamova kelgusida ingliz tili o‘qituvchilari uchun seminar va treninglar tashkil etish, ingliz tilini o‘qitishda sun’iy intellektdan foydalanish mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish hamda mazkur tadbirlarga britaniyalik ekspertlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Britaniya Kengashi direktori Michael Houlgate respublikada chet tillarini o‘qitish borasida yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblangan O‘zDJTUda ingliz tilini o‘qitishni yanada takomillashtirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning joriy yilda Erasmus+ dasturi ishtirokchisiga aylangani va ushbu yo‘nalishda ham Britaniya universitetlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.

 

 

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma tadbirlar, seminar va treninglar orqali O‘zbekistonda chet tillarini o‘qitish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube