Fakultet yangiliklari
Joriy yilning 27-mart sanasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti psixologi Z. Xayrullayeva hamda Ikkinchi ingliz fakulteti tyutori Sh. Hazratova tashabbusi bilan 3-bosqich talabalari ishtirokida nomutanosibliklar (psixologik disbalanslar)ning oldini olishga qaratilgan trening mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur trening zamonaviy psixologik yondashuvlar asosida ishlab chiqilib, unda interaktiv metodlar, xususan, rolli o‘yinlar va psixodrama elementlaridan samarali foydalanildi.

Trening jarayonida ishtirokchilarning emosional intellekti, kommunikativ kompetensiyasi hamda jtimoiy-psixologik moslashuvchanligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulot quyidagi asosiy bosqichlardan iborat bo‘ldi:
“Tanishuv” – guruhda ijobiy psixologik iqlim yaratish va ishtirokchilar o‘rtasida ishonchni shakllantirish; “Sizga tanlov berilganda” – qaror qabul qilish jarayonida yuzaga keladigan kognitiv dissonans va ichki ziddiyatlarni anglash;
“Emotsiyalarni toping” – ishtirokchilarning emotsiyalarni identifikatsiya qilish va ularni adekvat ifodalash ko‘nikmalarini rivojlantirish; Psixodrama – shaxsiy tajribalarni sahnalashtirish orqali katarsis, refleksiya va ichki kechinmalarni qayta ishlash; Faollashtiruvchi mashg‘ulotlar (energizerlar) – diqqatni jamlash, motivatsiyani oshirish va guruh dinamikasini mustahkamlash. Trening yakunida talabalar o‘zlarining ichki holatini tahlil qilish, stressli vaziyatlarda muvozanatni saqlash hamda samarali ijtimoiy xulq-atvor strategiyalarini qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.