Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 7-yanvar kuni filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasiga bag‘ishlangan Ilmiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur majlis O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida offline shaklda hamda ZOOM onlayn platformasi orqali tashkil etildi.
Ilmiy kengash majlisida Omonov Turg‘un Abdusoqiyevichning 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Ingliz va o‘zbek tillarida sug‘urta terminlari polisemiyasining rivojlanish omillari (leksikografik manbalar va iqtisodiy matnlar misolida)” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.
Tadqiqot ishida sug‘urta terminlarining ko‘p ma’noliligi, ularning shakllanishi va taraqqiy etish jarayonlari ingliz va o‘zbek tillari qiyosida, real iqtisodiy matnlar hamda lug‘aviy manbalar asosida tizimli ravishda yoritib berilgan.
Ilmiy kengash majlisida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda rasmiy opponentlar ishtirok etib, iqtisodiy terminologiya va tarjimashunoslik yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlarning amaliy ahamiyati va ularning o‘quv jarayoniga tatbiq etilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Ilmiy muhokamalar davomida tadqiqot natijalarining sug‘urta sohasi terminologiyasini tartibga solish, lug‘atchilik amaliyotini boyitish hamda sohaga oid ilmiy-uslubiy manbalarni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.