Gretsiya elchixonasiga tashrif

2026-yil 19-yanvar kuni Gretsiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Paraskevi Tzeveleki xonim bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Ikkinchi chet tillar kafedrasi mudiri Elmira Moydinova hamda grek tili o‘qituvchisi Surayyo Musayeva ishtirok etdilar. Shuningdek, mazkur muloqotda Ikkinchi chet tillar kafedrasi ko‘ngilli o‘qituvchisi Georgios Efthymiadis va Missiya rahbari o‘rinbosari Christos Sklivanos qatnashdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, universitetning xalqaro hamkorlikdagi faoliyati, grek tili ta’limini rivojlantirish masalalari hamda istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, 2026-yil 9-fevral kuni “Xalqaro grek tili kuni” munosabati bilan O‘zDJTUda tabrik tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani va unda grek tilini o‘rganayotgan talabalar o‘z ijodiy hamda bilim namoyishlari bilan ishtirok etishi ko‘zda tutilgani alohida ta’kidlandi.

Elchi xonim Gretsiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, Erasmus+ kabi xalqaro dasturlar orqali talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, shuningdek, Grek tili markazini tashkil etish borasida amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim va ilmiy sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab oldilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube