“Gruzin tili va madaniyati” sertifikat dasturi bo‘yicha talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

“Gruzin tili va madaniyati” sertifikat dasturi bo‘yicha talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ivane Javakhishvili nomidagi Tbilisi davlat universitetidan kelib tushgan rasmiy xat asosida “Gruzin tili va madaniyati” olti haftalik sertifikat dasturini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan Zoom uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i X.Yuldashev, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev hamda dasturda ishtirok etish uchun saralab olingan fakultet talabalari qatnashdi. Uchrashuvga qadar dasturda ishtirok etuvchi talabalar belgilangan mezonlar asosida saralab olindi. Muloqot davomida Tbilisi davlat universiteti tomonidan yuborilgan rasmiy xatda ko‘rsatilgan dastur shartlari, o‘quv jarayoni muddatlari, zarur hujjatlarni tayyorlash, safarni tashkil etish hamda talabalarning dasturdagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, universitet rahbariyati va talabalar o‘rtasida o‘zaro savol-javob bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, dastur jarayoni, ta’lim shakli, safar va yashash sharoitlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Mazkur sertifikat dasturi olti hafta davom etib, jami 80 soatini o‘z ichiga oladi. Dasturning onlayn bosqichi 2026-yil 27-iyuldan 14-avgustga qadar, Tbilisi shahridagi an’anaviy ta’lim bosqichi esa 17-avgustdan 4-sentabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yakuniy imtihon 4-sentabr kuni, madaniy dasturlar esa 5–6-sentabr kunlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Dasturda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 10 nafar talabasi ishtirok etishi rejalashtirilgan. Tbilisi davlat universiteti tomonidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, muzeylarga kirish chiptalari, mahalliy transport hamda professional gid xizmatlari xarajatlarini qoplash nazarda tutilgan. Uchrashuv yakunida talabalarga zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish, safarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va dastur davomida belgilangan talablarga rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube