Hindi tili kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
29-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-ingliz fakultetida Hindi tili kuni munosabati bilan “Hindiy til — madaniyat va muloqot vositasi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Lal Bahodir Shastri nomidagi Hind madaniyat markazi direktori janob Mr. Mina faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda universitetning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Abdurahim Nosirov so‘zga chiqib, hindiy tilini o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat hamda ilm-fan sohalaridagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, tadbirda Ikkinchi chet tili kafedrasi mudiri E. K. Mo‘ydinova, hindiy tili o‘qituvchilari Umida Maxamadxo‘djayeva va Aziza Yormatovalar faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Hindiston va O‘zbekistonning milliy urf-odatlari, an’analari, raqslari hamda she’rlari uyg‘unlikda namoyish etilib, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va do‘stlik rishtalari yorqin ifoda etildi.
Tadbir yakunida Mr. Mina tomonidan Hindiston tarixi va madaniyatiga oid qimmatli kitoblar universitet kutubxonasiga hadya qilindi. Ushbu tashabbus ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
