Jeju milliy universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi
Bugun, 21-avgust kuni Janubiy Koreyaning Jeju milliy universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida mehmonlar O‘zDJTU Sharq filologiyasi fakultetida faoliyat yuritayotgan Koreya ta’lim va madaniyat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng Jeju milliy universitetida almashinuv dasturi asosida tahsil olish uchun Koreyaga yo‘l olayotgan O‘zDJTU talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida talabalarga Koreyada ta’lim olish imkoniyatlari, universitetdagi o‘quv jarayoni hamda madaniy muhit haqida ma’lumot berildi.
Tashrifning asosiy qismi O‘zDJTU bosh binosida bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuv bilan davom etdi. Unda O‘zDJTU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. M. Djurayev hamda Koreys filologiyasi kafedrasi mudiri M. Sh. Absalomov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, quyidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi:
— talabalar almashinuvi kvotalarini kengaytirish;
— Jeju milliy universiteti talabalarining O‘zDJTUda almashinuv dasturlari asosida tahsil olishlari uchun imkoniyatlar yaratish;
— O‘zDJTU talabalarining Jeju milliy universitetida amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish;
— professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shma malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish;
— talabalar uchun qisqa muddatli yozgi va qishki madaniy almashinuv dasturlarini tashkil etish;
— professor-o‘qituvchilar o‘rtasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy maqolalar chop etish;
— sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va darslarni tashkil etish masalalari.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar, jumladan, akademik mobillikni kengaytirish hamda ta’lim jarayonidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va Jeju milliy universiteti o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.