KOICA volontyorlari ishtirokidagi hisobot yig‘ilishi va xayrlashuv tadbiri bo‘lib o‘tdi

 

 

2025-yil 18-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida KOICA (Koreya xalqaro hamkorlik agentligi) 1-loyihaviy volontyorlarining uch oylik faoliyati yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi va xayrlashuv tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirni universitetning xalqaro hamkorlik ishlari bo‘yicha prorektori Abduraxim Nasirov ochib berar ekan, KOICA bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik O‘zbekiston ta’lim tizimida xorijiy tajribalarni joriy etish va til o‘rganish jarayonini samarali tashkil etishdagi muhim qadam ekanini alohida ta’kidladi.

 

Tadbirda KOICA O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktor o‘rinbosari janob So Wan Su boshchiligidagi vakolatxona xodimlari, shuningdek volontyorlar faoliyat olib borgan 283-maktab va 81-maktab direktor hamda ustozlari ishtirok etdi.

 

Eslatib o‘tamiz, KOICA 1-loyihasi doirasida 15 nafar koreyalik mutaxassis va 14 nafar volontyor uch oy davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida hamda bir nechta umumta’lim muassasalarida faoliyat olib bordi. Volontyorlar koreys tilini o‘qitish, madaniyatni targ‘ib etish, talabalarga hamda o‘quvchilarga do‘stona muhitda bilim berish orqali ular orasida koreys tili va madaniyatiga qiziqishni yanada oshirishga hissa qo‘shishdi.

 

Tadbir davomida volontyorlarning uch oylik faoliyati yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi, maktab o‘quvchilari va universitet talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy chiqishlar mehmonlarga namoyish qilindi.

Tadbir yakunida KOICA volontyorlariga minnatdorchilik bildirilgan holda universitet nomidan esdalik sertifikatlari topshirildi.

 

Ma’lumot uchun, KOICA 1-loyihaviy volontyorlari 2025-yil 25-aprel kuni Koreya Respublikasiga qaytib ketadi. Navbatdagi – 2-guruh volontyorlarining O‘zbekistonga 6-may kuni yetib kelishi rejalashtirilgan.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube