Malta oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro akademik hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Malta oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro akademik hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ayni kunlarda Malta Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Umumiy tilshunoslik kafedrasi mudiri, professor Ra’no Urishevna Madjidova L-Università ta' Maltada bir qator ilmiy va akademik uchrashuvlarda ishtirok etdi hamda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Tashrifning ikkinchi kuni doirasida professor R.U. Madjidova tomonidan “O‘zbek tili va madaniyati” mavzusida maxsus ma’ruza tashkil etildi. Unda o‘zbek xalqining boy milliy qadriyatlari, tilning lingvomadaniy xususiyatlari, milliy tafakkur va madaniyatning til orqali ifodalanish shakllari, shuningdek, zamonaviy o‘zbek tilshunosligining dolzarb ilmiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

 

 

Ma’ruza tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, tadbir davomida o‘zbek tili, milliy an’analar, folklor, madaniy meros va zamonaviy lingvistik tadqiqotlarga oid ko‘plab savollar o‘rtaga tashlandi. Ular yuzasidan o‘zaro ilmiy fikr almashilib, samarali akademik muloqot muhitini shakllantirdi.

Shuningdek, tashrif doirasida professor-o‘qituvchilar ishtirokida tajriba almashish uchrashuvlari ham tashkil etildi. Muloqotlar davomida Malta va o‘zbek tillari o‘rtasidagi ayrim leksik-semantik hamda tarixiy-lingvistik o‘xshashliklar muhokama qilinib, istiqbolda o‘zaro leksik-semantik lug‘at yaratish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, professor R.U. Madjidova tomonidan talabalar hamda yosh tadqiqotchilar uchun maxsus master-klass o‘tkazildi. Unda lingvokulturologik tahlil usullari, maqol va paremiologik birliklarni tadqiq etish metodlari, zamonaviy ilmiy yondashuvlar hamda amaliy tahlil mexanizmlari yuzasidan tavsiyalar berildi.

Interaktiv savol-javoblar asosida tashkil etilgan master-klass ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otib, ilmiy hamkorlik va akademik almashinuvni yanada rivojlantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube