Misr Arab Respublikasi elchisining O‘zDJTUga tashrifi doirasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi
2025 yil 12 dekabr kuni Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tamer Fatxi Abdussalom Hammad hamda elchi maslahatchisi, konsul Hannan Bashari xonim O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdilar. Tashrif chog‘ida elchi janoblari O‘zDJTUda arab tilining o‘qitilishiga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. U Misr bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi azaliy munosabatlar haqida to‘xtalib, hozirgi kunda turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkamlanib borayotganini e’tirof etdi hamda ilm-fan sohasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov universitet tomonidan xorijiy tillar, xususan arab tilini o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, 22 ta chet tilidan tashqari xalqaro jurnalistika, media va kommunikatsiya, xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodi, menedjment va siyosatshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanayotganligi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, universitetning xalqaro reytinglarda erishgan yutuqlari va xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Tamer Fatxi Abdussalom Hammad janoblari aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflarni bildirdi:
• Misrning Qohira, Ayn-Shams va Al-Azhar kabi yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish;
• qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
• sinxron tarjima yo‘nalishi bo‘yicha malakali misrlik professorlarni O‘zDJTUga jalb qilish;
• talabalar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkonini beruvchi grantlar ajratish;
• jurnalistika, media va kommunikatsiya, siyosatshunoslik hamda xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish;
• arab va rus tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish;
• talabalar va keng jamoat uchun arab tili kurslarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zDJTU rahbariyati ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish maqsadida Misrda yoki O‘zbekistonda “O‘zbekiston Respublikasi – Misr Arab Respublikasi oliygohlari rektorlari forumi”ni tashkil qilish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu forum ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida bevosita muloqot, xalqaro ta’lim loyihalarini ishlab chiqish va ilg‘or tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim platforma sifatida xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishontirdilar.