O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti akademik almashinuv ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov Tarjimonlik va Sharq filologiyasi fakultetlaridan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasidagi Al-Vadiy universitetiga 2026-yil 15-fevraldan 29-mayga qadar akademik almashinuv asosida yuborilayotgan 18 nafar talaba hamda 2 nafar o‘qituvchi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotning asosiy maqsadi safar oldidan ishtirokchilarni xorijiy davlatning ichki tartib-qoidalari, ta’lim jarayoniga oid talab va me’yorlarga qat’iy rioya qilish zaruriyati bilan tanishtirish, ularni mas’uliyatli va aniq maqsad sari yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuv davomida safar jarayonida barcha ishtirokchilar universitet sha’ni va mamlakat obro‘sini munosib namoyon etishi, xalqaro akademik muhitda intizom va mas’uliyatni yuksak darajada saqlashi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, talabalarning Jazoirda o‘qish va yashash xarajatlari qabul qiluvchi tomon hisobidan qoplanishi, aviabiletlar esa talabalar hisobidan to‘lanishi ma’lum qilindi. Tadbirda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nosirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, fakultet dekanlari hamda universitet rahbariyati vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilanib, ular zimmasiga katta ishonch va mas’uliyat yuklatilgani qayd etildi.  

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube