O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi "Interforum" tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "Interforum" tashkiloti bosh tarjimoni Konstantin Golota va bosh tarjimon o‘rinbosari Nozima Asqarova ishtirok etishdi. Uchrashuvni Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev ochib berdi.
Mazkur uchrashuv tarjimonlik sohasi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro standartlarga mos tarjima amaliyotini rivojlantirish hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratildi. Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi hamda mutaxassislardan tarjimonlik kasbining zamonaviy talablari, sinxron tarjimaning o‘ziga xos jihatlari va ushbu sohadagi texnologik innovatsiyalar haqida batafsil ma’lumot olishdi.
Tadbir yakunida "Interforum" tashkiloti vakillari O‘zDJTU bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar uchun maxsus seminar va treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.