O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti THE Global Sustainable Development Congress tadbirida ishtirok etmoqda
2025-yil 16-iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida nufuzli xalqaro reyting tashkiloti – Times Higher Education (THE) tomonidan tashkil etilgan "THE Global Sustainable Development Congress" anjumani o‘z ishini boshladi. Ushbu global tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari, xususan, Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i B. Nishanaliyev va bo‘lim bosh mutaxassisi F. Sultonov ham ishtirok etmoqda.
Mazkur kongress dunyo oliy ta’lim muassasalarini birlashtirib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ta’lim, fan va innovatsiyalarning tutgan o‘rni, akademik hamkorlik va universitetlarning ijtimoiy mas’uliyatini yoritishga xizmat qilmoqda. Tadbir davomida turli sessiyalar, panel muhokamalari, ekspert suhbati va xalqaro hamkorlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Universitetimiz vakillari kongress doirasida qator yetakchi xorijiy OTMlar, xususan, Osiyo va Yevropaning nufuzli universitetlari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha samarali muzokaralar olib bordilar. Shuningdek, THE ekspertlari bilan yuzma-yuz muloqotlar orqali universitetimizning xalqaro reytinglardagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha dolzarb tavsiyalar olindi.
Dasturdagi bu ishtirok O‘zDJTUning barqaror rivojlanishga intilishi va xalqaro ta’lim maydonida faol integratsiyalashuvini yana bir bor tasdiqladi.