Bugun Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz va sharq filologiyalari fakultetlari uchun poytaxtimizning Uchtepa tumanida qurilgan 7 qavatli 2500 oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. 

 

 

Unda Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalari vaziri Ibrohim Abdurahmonov, professor-oʻqituvchlar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. 

Tadbirda soʻz olganlar, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash, talabalar uchun zarur sharoit yaratish, ilgʻor oʻqitish usullarini oʻquv jarayoniga joriy qilish, buning pirovardida malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga doir amaliy saʼy-harakatlar oʻz samarasini berayotganini taʼkidladilar.

“Bugun yangi oʻquv yilining ilk kuni, shu kunlarda esa Vatanimiz istiqlolining shonli oʻttiz ikki yillik toʻyi katta shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Davlatimiz rahbari doimo taʼlim, taʼlim, muallim, muallim, deb taʼkidlashlari bejiz emas. Chunki taʼlimni rivojlantirmasdan turib, yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, taʼlimdir” – deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalari vaziri I.Abdurahmonov oʻz nutqida.

Universitetda qabul kvotasining oshib borishi, oʻquv binolariga boʻlgan ehtiyojni ham paydo qiladi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 2500 oʻrinli yangi bino foydalanishga topshirilmoqda. Mazkur bino “Koʻchma Mexanizatsiyalashgan Korxona” MCHJ tomonidan universitetning 80,6 mlrd soʻmlik byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qurildi.

 Endilikda bu hududda ingliz filologiyasi va sharq filologiyasi fakultetlari talabalari barcha qulayliklarga ega boʻlgan yorugʻ, shinam va ozoda zamonaviy oʻquv xonalarida saboq olishadi. Internet tarmogʻidan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Axborot-resurs markazi va oʻquv zali mavjud. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur binoning ishga tushirilishi oʻquv jarayoni va mustaqil taʼlimni tashkil etishda qator qulayliklarni yaratadi. 

Maʼlumot oʻrnida, ayni paytda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 22 mingdan ziyod talaba 24 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, 18 ta magistratura mutaxassisligida kunduzgi, kechki va sirtqi shaklda tahsil olmoqda. Universitet til sohasida kadr tayyorlaydigan mamlakatdagi yetakchi OTM hisoblanadi. Hozirda talabalarga jami 17 ta xorijiy til oʻqitilmoqda. Universitetda ilmiy daraja va unvon hamda xorijiy til sertifikatiga ega boʻlgan mingga yaqin professor-oʻqituvchi saboq bermoqda.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube