O‘zDJTU professori Germaniyaning yetakchi universitetida malaka oshirmoqda
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori Dilrabo Baxronova Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Johannes Gutenberg nomidagi Mainz universitetida (Johannes Gutenberg-Universität Mainz, JGU) malaka oshirmoqda.
Professor Dilrabo Baxronova JGUning Turkologiya va Roman tillari kafedralari faoliyati, o‘quv jarayoni hamda ilmiy-tadqiqot tajribasi bilan yaqindan tanishmoqda. U, shuningdek, O‘zDJTUda xorijiy mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar, talabalar uchun yozgi va qishki ta’lim dasturlari haqida JGU professor-o‘qituvchilari hamda magistrlari bilan fikr almashdi.
Professor Dilrabo Baxronovaning qayd etishicha, mazkur universitetda faoliyat yuritayotgan mahalliy olimlarning tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotlari, jumladan, o‘zbek tilida erkin muloqot qila olish darajasi katta taassurot uyg‘otgan.
Ma’lumot uchun: 1477-yilda tashkil etilgan ushbu oliygoh bugungi kunda Germaniya va Yevropaning yetakchi ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilgi THE World University Rankings reytingida 251–300-o‘rinlar, QS World University Rankingsda esa TOP-1000 ichida 501-o‘rinni egallagan.
Mainz universiteti 40 mingdan ortiq talabaga ega bo‘lib, ularning 100 dan ziyod mamlakatlardan ekanligi xalqaro muhit shakllanishiga xizmat qilmoqda. Yadro fizikasi, zarracha fizikasi, biotexnologiya va tibbiyot sohalaridagi yutuqlari bilan mashhur bo‘lgan JGU bugungi kunda multidisiplinar yondashuv asosida faoliyat yuritadi. Qator Nobel mukofoti sovrindorlari aynan shu ilmiy maktab bilan bog‘liq.
JGU nafaqat ta’lim, balki ilmiy-texnologik taraqqiyotda ham yetakchi hisoblanadi. Jumladan, BioNTech — COVID-19 vaksinasini yaratgan mashhur kompaniya ham Mainzda joylashgan bo‘lib, uning olimlari JGU bilan yaqindan hamkorlik qiladi.