Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.Tuxtasinov boshchiligidagi delagatsiya 21-fevral kuni Jazoir Respublikasida joylashgan Jazoir-2 universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida guruh aʼzolari universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Abu al-Qosim Saadallo nomidagi Jazoir-2 universitetida 4 ta fakultet: gumanitar, ijtimoiy fanlar, arab tili, adabiyoti va sharq tillari hamda xorijiy tillar fakultetlari, shuningdek, arxeologiya va tarjimashununoslik institutlaridan tashkil topgan. Xususan, xorijiy tillarni intensiv oʻrgatish markazi ham foaliyat koʻrsatadi.
Oliygohda 40 000 nafardan ortiq talabalar arab, fransuz tillarida tahsil oladi, 1 500 nafarga yaqin professor oʻqituvchilar dars beradi. Xorijiy tillar fakultetida ingliz, fransuz, ispan, nemis, rus tillari oʻqitiladi. Tarjimashunoslik yoʻnalishida 3 ta: arab, fransuz, ingliz tillaridan va oʻsha tillarga tarjima qilish sirlarini oʻrgatiladi. Taʼlim oluvchilar uchun barcha mashgʻulotlar arab va fransuz tillarida yoʻlga qoʻyilgan.
Shu kunning oʻzida Jazoir-2 universiteti rektori professor Al Said Raxmon va OʻzDJTU rektori professor Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikkita oliy taʼlim mussasasi oʻrtasida talabalar almashish, oʻqituvchi almashish, xalqaro aloqalarni loyihalar doirasida ham rivojlantirish, ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda bajarish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari, maqolalar chop etish xususida fikrlar almashildi.
Shu oʻquv yilining oʻzida OʻzDJTUdan 10 nafar professor oʻqituvchilarning malakasini Jazoir-2 universitetida oshirish, yangi oʻquv yilidan boshlab esa har yili arab, fransuz, ingliz, tarjimashunoslik yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni ushbu universitetga bir semestr davomida oʻqishga yuborish va Jazoir-2 universitetida rus tilini oʻrganayotgan talabalarni OʻzDJTUda oʻqishlari uchun sharoitlar yaratish xususida ham kelishib olindi.