O‘zDJTU rektori sayyor darslarga tayyorlanayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashdi
3-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Gid-tarjimon” tayyorlash kursi doirasida 5–8-may kunlari Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sayyor darslarda ishtirok etuvchi Roman-german filologiyasi hamda Sharq filologiyasi fakultetlari talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda rahbariyat vakillari ishtirok etib, talabalar bilan samimiy suhbat olib bordilar. Rektor Ilxomjon Tuxtasinov bunday amaliy safarlar yoshlar uchun katta tajriba maktabi ekani, ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash imkonini berishini ta’kidladi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-sonli qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, sayyor darslar davomida talabalar tarixiy obidalar oldida tarjimon-gid sifatida ish olib boradilar. Safarga 48 nafar tinglovchi hamda 3 nafar nazoratchi-o‘qituvchi jalb etilgan.