O‘zDJTUda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi keng nishonlandi
20-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligiga bag‘ishlangan “Ona tilim – mangu bo‘l, omon!” nomli adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tili 2-fakulteti dekani Zokir Mehriqulovich Bozarov va O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. U o‘z nutqida davlat tilining millat hayotidagi o‘rni, jamiyatni birlashtiruvchi kuchi, shuningdek, ona tilimizning nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati haqida so‘z yuritdi.
Bayram dasturi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng “Bosh Qomusda qadr topgan shon-u shavkat tilisan” raqsi, “O‘zbek tilim, omon bo‘l mangu!” nomli she’riy kompozitsiya va “Baxt-u saodatda yangrasin tilim” qo‘shig‘i mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, shoir va aktyor Erkin Bozorov, hamda “Nuroniylar kuylaganda” ansambli xonandasi Mahbuba Xojimatova kabi ijodkorlar chiqish qildilar.
Talabalar ijrosidagi “Qatag‘on” sahna ko‘rinishi, xorijlik talabalarning videotabrigi va fakultet QVZ jamoasining kulguli chiqishlari bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, insho, videorolik va chellenjlar tanlovi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi. Tadbir yakunida esa “Ona tilim – jon-u dilim” qo‘shig‘i jarangladi.
Bayramda barcha fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda mehmonlar faol ishtirok etdilar.