Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan “Do‘stlik festivali” doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Nukus shahriga tashrif buyurdi.
Universitet rektori Ilhomjon Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda 43 nafar faol talabalar ishtirok etdi. Festival yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim maydonga aylandi.

Festivalning ilk kunida ishtirokchilar tantanali kutib olinib, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga joylashtirildi. Shuningdek, “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” gastronomik tadbirida qatnashib, Qoraqalpog‘istonning boy milliy taomlari va gastronomik merosi bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir davomida O‘zDJTU tomonidan Nukus filialiga badiiy va ilmiy adabiyotlardan iborat kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

“Do‘stlik festivali” dasturi doirasida talaba-yoshlar Nukus shahrining tarixiy va madaniy maskanlariga sayohat qildilar. Jumladan, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘lkashunoslik muzeyiga tashrif buyurilib, hududning boy tarixi, san’ati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishildi. Ushbu ekskursiyalar yoshlarning tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Festivalning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ta’lim, ilm-fan, akademik almashinuv, qo‘shma loyihalar va xalqaro dasturlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.

“Do‘stlik festivali” davomida talabalar sport musobaqalarida ham faol qatnashib, futbol, voleybol va stol tennisi bo‘yicha bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyish etdilar. Shuningdek, O‘zDJTU delegatsiyasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabida amalga oshirilgan “1 kitob – 1000 do‘st” loyihasi doirasida 600 ga yaqin kitobni taqdim etib, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shdi.
Festivalning yakuniy bosqichida delegatsiya Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan “Yoshlar Orolni asraydi” ekologik aksiyasida ishtirok etdi. Talabalar Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik muammolar, ularning oqibatlari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha muhim bilim va taassurotlarga ega bo‘ldilar. Bir necha kun davom etgan “Do‘stlik festivali” yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, ekologik va ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga xizmat qilgan yirik yoshlar loyihasi sifatida yodda qoldi.
