Qozog‘iston Milliy Universiteti rahbarlarining O‘zDJTUga tashrifi
26-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy Universiteti rahbarlari tashrif buyurdi. Mehmonlar tarkibida Boshqaruv kengashi raisi-rektor Tuymebayev Janseit Kanseit o’g’li va Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Yesbol Umirjanov ishtirok etdilar.

O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev va Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi direktori D. Abduganieva bilan birga muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar do’stona munosabatlarning rivojlanib borayotganini va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Muloqot chog‘ida talaba va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma malaka oshirish kurslarini tashkil etish, doktorantlarning ilmiy ishlariga qo‘shma rahbarlik qilish, hammualliflikda darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish hamda o‘zbek–qozoq–ingliz tillarida sotsiolingvistik lug‘at yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida qo‘shma loyihalar, seminarlar va ilmiy anjumanlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun:
Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy Universiteti jahon reytingida 166-o‘rinni, Osiyo reytingida esa 38-o‘rinni egallaydi. Universitet rektori Tuymebayev Janseit, filologiya fanlari doktori, professor, Qozog‘iston Respublikasining taniqli davlat arbobi va diplomat hisoblanadi.