4-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov birinchi kurs talabalari hamda barcha fakultet dekanlari bilan birgalikda Toshkent shahridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Shahidlar xotirasi maydoniga tashrif buyurdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar siyosati, ijtimoiy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sanaqulov ham qatnashib, talabalarga tarixiy xotirani asrab-avaylash, mustaqillikning qadriga yetish va yoshlarning Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatli bo‘lishi haqida nutq so‘zladi.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov yoshlarga muzey ekspozitsiyalari va qatag‘on davri voqealari haqida so‘zlab, mustaqillik – xalqimizning eng buyuk ne’mati ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bugungi tinch va farovon hayot uchun minnatdor bo‘lish, tarixdan saboq chiqarish yoshlar uchun naqadar muhimligini uqtirdi.
Fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda turli bo‘lim boshliqlari ishtirok etgan tashrif davomida talabalar o‘zbek xalqining og‘ir sinovlari, millat ziyolilarining ma’rifat yo‘lidagi kurashlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu tadbir talabalarda tarixiy xotira, mustaqillik qadriyatlari va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.