Sergeli tumani 104-umumta'lim maktabidagi ingliz tili to‘garagi doirasida faoliyatlar izchil davom etmoqda.
2026-yilning 13-mart kuni ingliz tilini o‘qitish metodikasi N1 kafedrasidan o‘qituvchi Mardonova Mohinbonu tomonidan navbatdagi dars mashgʻuloti o‘tkazildi.
Ushbu dars “superlative degree of adjectives” mavzusida tashkillashtirildi. Darsning maqsadi sifatlarning superlativ darajasini tushuntirish va o‘quvchilarga uni amalda qo‘llashni o‘rgatish edi. Mavzu doirasida -est, -iest va most yordamida superlativ shakllarni hosil qilish qoidalari tushuntirildi, shuningdek good → best va bad → worst kabi istisnolar misollar bilan yoritildi.

Ta’lim jarayonida interaktiv mashqlar va guruhli o‘yinlar qo‘llanildi, bu o‘quvchilarning faolligini oshirdi. Og‘zaki mashqlarda jamoalar superlativlardan foydalanib gap tuzdilar va qisqa taqdimotlar qildilar. Yozma mashqlarda har bir o‘quvchiga individual topshiriqlar berilib, nazariy bilimlar amaliyotda sinab ko‘rildi.
Ko‘pchilik o‘quvchilar mashqlarda faol qatnashdi; og‘zaki javoblar aniq va lo‘nda edi, yozma ishlar esa mavzuni mustahkamlashga xizmat qildi. Uyga vazifa sifatida 20 ta sifatning superlativ shaklini yozish va har biri bilan bitta gap tuzish hamda 5–7 gapdan iborat kichik matn tayyorlash topshirildi.
Xulosa qilib aytganda, dars samarali o‘tdi. O’quvchilarning superlativlardan foydalanish ko‘nikmalari mustahkamlandi va ularning ingliz tiliga qiziqishi ortdi.