2025-yil 4-dekabr kuni soat 10:00da Seul shahrida Koreya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining “Koreya–O‘zbekiston oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari: hukumat siyosati va unda universitetlarning roli” (“The Future of Korea–Uzbekistan Higher Education Cooperation: Government Policies and the Role of Universities”) mavzusidagi forumi o‘z ishini boshladi.

Tadbirning ochilish marosimida Koreya ta’lim vaziri Choi Kyojin, Koreya Milliy Assambleyasi Ta’lim qo‘mitasi raisi Kim Yong-ho, O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov, shuningdek Koreya va O‘zbekistonning 30 ga yaqin yetakchi oliygohlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum doirasidagi asosiy sessiyalar bilan birga ikki davlat oliygohlari rahbarlari o‘rtasida muloqotlar ham boshlandi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov koreyalik hamkasblari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni birgalikda ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Kunning ikkinchi yarmida oliygohlar rahbarlari “2025 Global sun’iy intellekt iste’dodlari va ta’lim forumi” (2025 Global AI Talent & Education Forum) mavzusidagi anjumanda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etadilar va B2B formatda muzokaralar olib boradilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube