Joriy yil 26-27-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri rahbarligidagi turli vazirlik va idoralar, jumladan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari O.Maxkamov, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov, Qoʻqon Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti rektori R. Tojiev hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori N. Аbdullaevlardan iborat Hukumat delegatsiyasi aʼzolari Oʻmon Sultonligiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida Oʻmon Sultonligi Oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar vazirligi, dunyo reytingida 362 oʻrinni egallab turgan Sulton Qobus universiteti, Oʻmon Sultonining Devoni huzuridagi Sulton Qobus nomli Madaniyat va taʼlim oliy markazi, Аrxiv va qoʻlyozmalar milliy agentligi va “Atyab Food Tech Investment” kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. 

Muloqotlar natijasida quyidagilarga erishildi: 

Oʻmon Sultonligi Oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar vazirligidagi muloqot chogʻida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ikki tomonlama shartnoma imzolanish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilmiy anjumanlarni tashkil qilish, talaba va oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻmon Sultonining Devoni huzuridagi Sulton Qobus nomli Madaniyat va taʼlim oliy markazi raisi Habib ar-Rayamiy bilan muzokaralarda 2024/2025-oʻquv yilidan boshlab har yili kamida 20 nafar Oʻzbekistonlik arab tili oʻqituvchilariga malaka oshirish kurslariga grantlar ajratilishi, arab tilini masofaviy oʻqitish boʻyicha elektron platformadan bepul foydalanish va Oʻzbekistonlik olimlarning oʻquv va ilmiy ishlarini yuklash va boshqa takliflar muhokama qilindi.

Oʻmon Sultonligi Аrxiv va qoʻlyozmalar milliy agentligidagi uchrashuvda har ikki tomon mutaxassislari va professor-oʻqituvchilar ishtirokida qoʻlyozmalarni tadqiq etishga bagʻishlangan ilmiy loyihalarni amalga oshirish va qoʻlyozmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish borasida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga kelishildi.

Xalqaro reytingda 362-oʻrinni egallab turgan Sulton Qobus universiteti bilan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻrtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash, bunda qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, talabalar akademik almashinuvini amalga oshirish, hammualliflikda darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, lugʻatlar, jumladan, elektron lugʻatlar tayyorlash, tarjimashunoslik va boshqa sohalarda qoʻshma tadqiqotlarni amalga oshirishga kelishildi.

2024-07-08 09-59

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi