TRT teleradio kompaniyasi vakillari O‘zDJTUda bo‘ldi
2-oktabr kuni Turkiyaning TRT teleradio kompaniyasi vakillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarga universitetning faoliyati, erishilayotgan natijalar, ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yunus Emre instituti hamda Turkiyaning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berdi.

TRT teleradio kompaniyasi vakillariga bergan intervyusida universitet rektori O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, bu jarayonda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, turk tili va madaniyatini o‘rganish, tarjima, madaniyatlararo kommunikatsiya hamda qo‘shma ta’limiy loyihalar muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zDJTUda turk tili 1992-yildan ikkinchi til sifatida o‘qitib kelinayotgan bo‘lsa, 2023-yildan Tarjimonlik va Sharq tillari fakultetida turk tili birinchi til sifatida ham o‘qitila boshlandi. Ayni paytda 400 nafardan ortiq talaba turk tilini asosiy til, 200 nafardan ortiq talaba esa ikkinchi til sifatida o‘rganmoqda. Ta’lim jarayoniga 12 nafar mahalliy o‘qituvchi hamda Turkiyadan taklif etilgan 2 nafar til sohibi jalb qilingan.
Intervyuda universitetning TIKA va boshqa hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirayotgan loyihalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 2025-yilda Tarjimonlik fakulteti talabalarining Yunus Emre instituti tomonidan Anqara shahrida tashkil etilgan 21 kunlik «Yozgi maktab» ta’lim dasturida ishtirok etgani, 2026-yil aprel oyida turk tili o‘qituvchilari va talabalarining «Qadim so‘z izidan» loyihasi doirasida Turkiyaning Anatoliya hududiga tashrifi hamda ikki xalqning tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan ishlar qayd etildi.

Shuningdek, 2026-yil sentabr oyida Tarjimonlik fakultetida TIKA ko‘magida «Turk tili va tarjima markazi» tashkil etilgani ma’lum qilindi. Markaz zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlar, mebel va texnik jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, talabalarning turk tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini, xususan, tarjima sohasidagi amaliy malakalarini rivojlantirishga qaratilgan. Loyihaning mantiqiy davomi sifatida 2027-yilda fakultetda “Sinxron tarjima laboratoriyasi”ni tashkil etish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida TRT vakillari universitetda turk tilini o‘rganayotgan talabalarning dars jarayonini kuzatib, ular bilan muloqot qildi.
Tashrif yakunida O‘zDJTUning Turkiya oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekani ta’kidlandi.