UNESA delegatsiyasining Summer School dasturining 2-kuni: TOEFL va TESOL markazida amaliy seminar-trening o‘tkazildi.
2026-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 1-fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan "Summer School" dasturining ikkinchi kuni doirasida Indoneziyaning Surabaya davlat universiteti (UNESA) delegatsiyasi uchun TOEFL va TESOL markazida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Seminar davomida delegatsiya a’zolariga markaz faoliyati, ingliz tilini o‘qitishning zamonaviy metodikalari, xalqaro sertifikatlarga tayyorlash hamda TESOL yo‘nalishidagi innovatsion yondashuvlar haqida ma’lumot berilib, raqamli ta’lim vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalar namoyish etildi. Shuningdek, ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu seminar ishtirokchilar uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, shu kuni Indoneziyaning nufuzli "Labschool" jamoasi Shayxontohur tumanidagi taʼlim maskanlariga tashrif buyurdi:
• 330-sonli Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida: Mehmonlar 6-7 yoshdagi bolajonlarning ingliz tilini bilish darajasi va muassasadagi o'qitish metodikasi bilan tanishishdi. Bolajonlarning bilimi yuqori baholanib, o'zaro tajriba almashildi hamda mehmonlarga Z.A.Mirkasimova tomonidan ishlab chiqilgan "Play and Learn" o'quv qo'llanmasi taqdim etildi.
•"Jahon School" xususiy maktabida: Maktab direktori mehmonlarni muassasaning ta'lim tizimi, o'qituvchi va o'quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda erishilgan yutuqlar bilan tanishtirdi. Maktabda yo'lga qo'yilgan zamonaviy muhit "Labschool" jamoasida katta taassurot uyg'otdi.
Bu kabi tashriflar har ikki tomon uchun ham oʻzaro manfaatli tajriba almashish hamda kelajakdagi istiqbolli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi.