UzWAVE markazi direktori UNESCO Bosh konferensiyasida ishtirok etdi
4-noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Promoting Gender Equality through Multilateral Collaboration” mavzusidagi xalqaro forum tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 1-fakulteti dekani, “UzWAVE – Women and Voices for Equity” gender tadqiqotlari markazi direktori, professor Guli Ergasheva ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli forumda ta’lim, fan, madaniyat hamda axborot sohalarida gender tengligini ta’minlash, ayollar va qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda gender adolatini ta’lim tizimiga integratsiya qilish, yosh ayollarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish, ularning STEM yo‘nalishlaridagi ishtirokini kuchaytirish hamda gender tadqiqotlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbirda, shuningdek, UNESCO Bosh direktori Audrey Azoulay, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulaykho Mahkamova hamda UNESCO Gender tengligi bo‘limi direktori Begona Lasagabaster nutq so‘zlab, ayollar va qizlarning ta’lim, ilm-fan hamda madaniyatdagi rolini mustahkamlashga qaratilgan global tashabbuslar haqida so‘z yuritdilar.
Ushbu xalqaro muloqot O‘zbekistonning gender siyosati va ilmiy salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek UzWAVE markazi uchun yangi strategik hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini yaratdi.