27-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida Koreys tili va madaniyati to‘garaklarini yurituvchi KOICA loyiha volontyorlarining 2025-2027-yillar davomida faoliyat olib borishi rejalashtirilgan loyiha doirasida Koreya Madaniyat markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor A. Nasirov ochib berdi. Loyiha davomida Sharq filologiyasi fakulteti binosining birinchi qavatida Koreya Madaniyat markazini yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ochilish tadbirida 14 nafar volontyor va KOICA’dan kelgan xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Koreya Madaniyat markazining maqsad va vazifalari, to‘garak faoliyatlari va kelajakdagi rejalar haqida gapirib o‘tishdi.
Talabalar uchun bu markazda koreys tili va madaniyatini chuqurroq o‘rganish imkoniyati yaratiladi, shuningdek, turli madaniy tadbirlar va mahorat darslari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu markaz ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, talabalar orasida koreys tili va madaniyatiga qiziqishni oshirishda katta rol o‘ynashi kutilmoqda.