Xitoy Xalq Respublikasi Liaodong universiteti delegatsiyasining O‘zDJTUga tashrifi doirasida rektorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Davlat Jahon Tillari Universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Liaodong universiteti delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Liaodong universiteti delegatsiyasi tarkibida rektori Fu Libin, Fanlar kolleji dekani Li Fuxiang, To‘qimachilik va kiyim-kechak kolleji dekani Cao Jipeng hamda Xalqaro ta’lim kolleji o‘qituvchisi Dong Ran tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev hamda Xitoy filologiyasi kafedrasi mudiri Sh. Xakimova ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov mehmonlarga universitet faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy salohiyat, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda xorijiy tillarni o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Liaodong universiteti rektori Fu Libin so‘zga chiqib, o‘z universitetining faoliyati, ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlikka oid tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Tomonlar oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida xitoy va ingliz tillarini o‘rganayotgan talabalar uchun akademik almashinuv dasturlari va ikki universitetda yozgi til oromgohlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xitoy tili + o‘zbek tili + texnika yo‘nalishida mutaxassislar yetishtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘quv materiallarini yaratish va talabalarni HSK imtixoniga Xitoydan turib onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan platformani ishga tushirish, qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 2+2 loyihasini tashkil etish hamda xalqaro loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirishga kelishib oldilar hamda ikki universitet o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.