Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti prorektori O‘zDJTU professorini qabul qildi

Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti prorektori O‘zDJTU professorini qabul qildi

Xitoy Xalq Respublikasining Xi’an xalqaro tadqiqotlar universitetida (西安外国语大学) 2026/2027-o‘quv yilidan faoliyatini boshlagan “乌兹别克语” — “O‘zbek tili” to‘rt yillik mustaqil bakalavriat ta’lim yo‘nalishida dars berayotgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Shaxlo Shukurlaevna Yuldashevani Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti prorektori, professor Deng Ying qabul qildi.

Uchrashuvda yangi bakalavriat yo‘nalishining istiqbollari, uning tashkil etilishiga sabab bo‘lgan omillar hamda o‘quv jarayonini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Professor Deng Yingning ta’kidlashicha, 2026-yilda Shansi provinsiyasida 34 ta asosiy sanoat tarmog‘i zanjiri bo‘yicha “Bakalavriat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” e’lon qilingan. Mazkur hujjat universitetda gumanitar va texnik fanlarni o‘zaro integratsiyalash jarayonini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Sanoat va iqtisodiyot sohalarida o‘zbek tilini biladigan mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotgani sababli XISUda “O‘zbek tili” to‘rt yillik bakalavriat yo‘nalishi tashkil etilgani qayd etildi.

Shuningdek, universitetda “til + mintaqashunoslik + soha + raqamli texnologiyalar” modeli asosida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotgani, mazkur yondashuv “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi davlatlar uchun zamonaviy va ko‘p yo‘nalishli kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Markaziy Osiyoga ochilgan muhim ta’limiy darvoza sifatida Shimoli-g‘arbiy hududda joylashgan XISUning bu boradagi imkoniyatlari keng ekani qayd etildi.

Suhbat davomida professor Shaxlo Shukurlaevna Yuldasheva XISUda o‘zbek tili mashg‘ulotlari to‘liq immersiv yondashuv asosida tashkil etilayotganini ta’kidladi. Ya’ni ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek, talabalar bilan muloqot jarayonida vositachi tildan foydalanmagan holda o‘zbek tili muhiti yaratilmoqda.

Professor, shuningdek, mazkur metodika asosida “O‘zbek tili amaliyoti I” darsligini XISUda sinovdan o‘tkazgani va nashrga tayyorlaganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va XISU o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirish hamda yangi bakalavriat yo‘nalishining ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube