1-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahri Sport boshqarmasi hamda O‘zbekiston Kamondan otish federatsiyasi Toshkent shahri bo‘limi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat universitet talaba-yoshlarini sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ayniqsa, milliy sport turlaridan biri bo‘lgan kamondan otish sportini ommalashtirish va rivojlantirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida universitetda sport to‘garaklari va seksiyalar faoliyatini tashkil etish, musobaqalar o‘tkazish, malakali trenerlar jalb etish, sport inshootlaridan samarali foydalanish kabi bir qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Memorandumda shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sportga jalb etishda ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalardan faol foydalanish masalalari ham belgilab berilgan.
Imzolash marosimida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Jismoniy madaniyat va sport kafedrasi mudiri Elbek Ochilov hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.