Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinovning doktorantlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda universitet rahbariyati vakillari, fakultet dekanlari hamda doktorantlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida rektor Ilxomjon Tuxtasinov doktorantlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish, dissertatsiya ishlarining sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy rahbarlar bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, ilmiy izlanishlar jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda doktorantlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Tadbir davomida doktorantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, dissertatsiya mavzularini aniqlashtirish, xorijiy nashrlarda maqolalar chop etish, xalqaro ilmiy bazalarda faol ishtirok etish hamda ilmiy safarlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan batafsil javoblar oldilar.
Universitet rahbariyati tomonidan doktorantlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy muhitni yanada faollashtirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Uchrashuv ochiq muloqot va konstruktiv ruhda o‘tdi.
Mazkur uchrashuv doktorantlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilmiy-tadqiqot jarayonini takomillashtirish hamda universitetda ilmiy-tadqiqot ishlarini tizimli rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.