“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi
2025-yil 11-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning bilim doirasini kengaytirish, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarga dastlabki savolni yo‘lladi hamda ularga o‘yinda omad tiladi. Rektor o‘z nutqida bunday intellektual bellashuvlar yoshlarni faollikka chorlaydi, bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlaydi, deya ta’kidladi.
Bellashuvda universitet talabalari va litsey o‘quvchilari faol ishtirok etdi. Umumiy hisobda 10 ta jamoa savollarga to‘g‘ri va tezkor javob berish orqali g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi. Ishtirokchilar o‘yin davomida tarix, adabiyot, san’at, ilm-fan, texnologiya va mantiqiy masalalar bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdilar.
O‘yin yakunida eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan jamoalar g‘olib deb topildi va ular diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir barchada ijobiy taassurot qoldirib, yoshlar orasida intellektual musobaqalarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.