“Do‘stlik festivali” doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi

“Do‘stlik festivali” doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik festivali” doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori A.T. Esimbetov hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.M. Tuxtasinov imzoladilar.

Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan sohalarida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Memorandumga muvofiq, tomonlar pedagog kadrlar malakasini oshirish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, qo‘shma ilmiy loyihalar va konferensiyalar tashkil etish, xalqaro grant hamda ta’lim dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladi.

Shuningdek, memorandum doirasida o‘quv-uslubiy adabiyotlar va ta’lim resurslari almashinuvi, seminar va treninglar tashkil etish, ilmiy maqolalar hamda o‘quv materiallarini birgalikda nashr etish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik faolligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tomonlar mazkur hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasining ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ta’lim sifatini takomillashtirish hamda hududlararo akademik aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Memorandum imzolash marosimi samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, tomonlarning kelgusidagi istiqbolli hamkorligi uchun muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur memorandum 5 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, unda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kelgusida qo‘shma dasturlar va “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi belgilandi.
 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube