Kafedralar o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy Xavfsizlik va Mudofaa Universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti Tillar kafedrasi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili amaliy fanlar II kafedrasi o‘rtasida ilmiy-uslubiy, o‘quv va tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnoma imzolandi.
Mazkur kelishuv doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun samarali o‘quv jarayonini tashkil etish, o‘quv adabiyotlari, master-klasslar va namunaviy mashg‘ulotlar orqali tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda konferensiyalar orqali yosh mutaxassislarning salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish va kursantlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur ta’lim muassasasi bilan avvaldan ham ilmiy yo‘nalishlarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari ushbu bilim yurtiga tashrif buyurib, turli ilmiy-amaliy konferensiyalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 2024-yilning aprel va noyabr oylarida, shuningdek, 2025-yil noyabr oyida kafedraning bir qator professor-o‘qituvchilari o‘z ilmiy maqolalari va taqdimotlari bilan qatnashib, maxsus logotipli esdalik sovg‘alari hamda sertifikatlar bilan taqdirlangan.
Mazkur shartnoma mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ikki tomonlama tajriba almashuvini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.