4-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “The New Education Test / Exam Centre” markazi asoschisi Jumaniyazova Nigora Muminboyevna bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Muxammad Choriyevich Chutpulatov, Tarmoq markazi direktori Jamilya Rustamovna Abduganiyeva hamda Ingliz tilini o‘qitish metodikasi №3 kafedrasi mudiri Madina Xabibullayevna Daliyeva ishtirok etdilar.
Muhokama jarayonida xalqaro hamkorlik doirasida o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limga kirishda tan olinadigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarga tayyorlov kurslari va imtihonlar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu uchrashuv ikki tomon o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalarga xalqaro ta’lim hamda sertifikatlash imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.