O‘zDJTU Angren fakultetida «Work and Travel» dasturi bo‘yicha seminar-trening va workshoplar tashkil etildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Angren fakultetida talabalarning xalqaro imkoniyatlardan foydalanishi, xorijda tajriba orttirishi hamda mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘limi va Karyera markazi hamkorligida «YOUTH GLOBE» xususiy bandlik agentligi tomonidan talabalar uchun «Work and Travel» dasturi doirasida seminar-trening va workshoplar o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori ochib berdi. U o‘z nutqida xalqaro dasturlarning talabalar uchun ahamiyatiga to‘xtalib, xorijiy tajriba yoshlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Seminar davomida ishtirokchilarga «Work and Travel» dasturining mazmun-mohiyati, unda qatnashish shartlari, talablar, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, xorijda ishlash va yashash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
«YOUTH GLOBE» xususiy bandlik agentligi mutaxassislari dasturga oid savollarga javob berib, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan tavsiyalar taqdim etdilar.
Tadbirning amaliy qismi — workshoplar davomida talabalar interaktiv mashg‘ulotlar va amaliy topshiriqlarda faol ishtirok etdilar. Shuningdek, xorijiy ish beruvchilar bilan muloqot qilish, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish va xalqaro mehnat muhitiga moslashish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, «Work and Travel» dasturida ishtirok etish hamda xorijda tajriba orttirish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot oldilar.
2026-10-15 11-44