O‘zDJTU talabalari Germaniyaga jo‘nab ketmoqda
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Tarjimonlik fakulteti nemis tili yo‘nalishi 3-bosqich talabalari bilan safaroldi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv talabalarni xorijda ta’lim olishga tayyorlash, safar davomida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni tushuntirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda universitet rahbariyati va mas’ullar, jumladan rektor I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun:
Talabalar 2026-yil 7-apreldan 30-iyulga qadar Germaniyaning Mainz universiteti huzuridagi Germershaym Tarjimonlik institutida ta’lim olishadi. Dastur doirasida har bir talaba aviabilet uchun 700 yevro hamda o‘qish davri uchun 2700 yevro miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi.
Talabalar uchun mas’ul sifatida Germershaym Tarjimonlik instituti Rus-nemis tillari bo‘limi boshlig‘i, professor Misha Gabovich biriktirilgan.
Talabalar Germershaym shahrida ijaradagi kvartiralarda istiqomat qiladi. Ular Frankfurt xalqaro aeroportida Germaniyalik talabalar tomonidan kutib olinib, institutga yetkaziladi.

Uchrashuv davomida talabalarga ta’lim dasturi, Germaniyadagi yashash sharoitlari, xavfsizlik qoidalari hamda ilmiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan batafsil ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda universitet rektori talabalarga xorijdagi o‘qish jarayonida omad tilab, har bir mamlakat va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi. U talabalar o‘z bilim va odobi bilan universitet nomiga faqat ijobiy taassurot olib kelishlari lozimligini alohida qayd etdi.