O‘zDJTUda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi – 2026” o‘tkazildi
13-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Uchtepa tumani hokimligi, Uchtepa tumani prokuraturasi, O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakulteti, Karyera markazi va Registrator ofisi hamkorligida bitiruvchi kurs talabalari va bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni mavjud vakansiyalar bilan tanishtirish hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi – 2026” tashkil etildi.
Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. U o‘z nutqida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos ravishda kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda universitet va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.
Yarmarkada Uchtepa tumani prokurori S. Muxtorov, Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari A. Xolmatov, “Louvre Académie” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari o‘rinbosari F. Mirzarahimova, “Nemix” MCHJ rahbari M. Axmatova hamda “Safiya” qandolatchilik uyi vakili S. Muhammedova ishtirok etdi. Ular bitiruvchilar bilan muloqot qilib, mavjud ish o‘rinlari va yosh mutaxassislar uchun mehnat bozoridagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar.
Yarmarkada 40 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari, bank-moliya muassasalari, ta’lim markazlari, sug‘urta, turizm hamda xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish, rezyumelarini taqdim etish va ishga joylashish bo‘yicha zarur tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
2026-10-13 09-28