O‘zDJTUda navbatdagi dissertatsiya ishi kengaytirilgan kafedra ilmiy muhokamasidan o‘tkazildi
2026-yil 2-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan navbatdagi dissertatsiya ishining kengaytirilgan kafedra ilmiy muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muhokama oflayn hamda ZOOM onlayn platformasi orqali tashkil etildi.
Muhokamada Boysariyeva Fotima Tursinaliyevnaning 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili) ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Xorijiy tillarni ikkinchi chet tili sifatida o‘qitishda lingvomadaniy yondashuv” mavzusidagi dissertatsiyasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ilmiy muhokama davomida tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati, xorijiy tillarni ikkinchi chet tili sifatida o‘qitishda lingvomadaniy yondashuvning samaradorligi hamda tadqiqot natijalarining ta’lim jarayoniga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan batafsil fikr-mulohazalar bildirildi. Dissertatsiya muallifi amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar, erishilgan natijalar va taklif etilgan metodik yechimlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.
Muhokamada ilmiy rahbar, filologiya fanlari doktori (DSc), professor D. M. Teshabayeva, taqrizchilar hamda ilmiy jamoatchilik vakillari tomonidan dissertatsiya yuzasidan xulosalar va tavsiyalar bildirildi. Tadqiqot ishining ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyati e’tirof etilib, uni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida dissertatsiya ishi belgilangan tartibda keyingi bosqichga tavsiya etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
2026-07-03 11-30