16-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kafedrasi o‘qituvchilari K. Muhammadiyeva hamda Sh. Qodirberganovalar tomonidan “Sun’iy intellektdan maksimal foyda olish san’ati” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminar davomida fakultet oʻqituvchilari hamda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha dekan oʻrinbosari U. Nazarov tomonidan seminar ochib berilib, mavzuga doir oʻz fikr-mulohazalarini bildirildi. Mutaxassislar tomonidan esa sharq tillarini o‘rganishda qo‘llash mumkin bo‘lgan turli sun’iy intellekt platformalari, tarjima dasturlari, matn tahlili va nutqni rivojlantirishga yordam beruvchi zamonaviy raqamli vositalar taqdim etildi. Ushbu vositalardan to‘g‘ri va samarali foydalanish orqali talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashi, mustaqil ravishda til o‘rganish jarayonini yanada samarali tashkil etishi mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, seminar davomida sun’iy intellekt texnologiyalarining sharq tillarini, xususan, arab, koreys, xitoy, yapon va turk tillarini o‘rganishda qo‘llanilishi haqida amaliy misollar keltirildi. Bu esa talabalarga zamonaviy texnologiyalar yordamida til o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar hamda sun’iy intellekt vositalaridan ta’lim jarayonida to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.