Toshkentda “Lotin tili” fanining istiqbollari muhokama qilindi
12-aprel kuni Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida “Tibbiy ta’lim islohotlari: ‘Lotin tili’ fanini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ishtirokdagi o‘quv-uslubiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Qodirovich Xaydarov ishtirok etdi. Konferensiyada latiniy tili va tibbiy terminologiyaning dolzarb masalalari, ta’lim tizimidagi o‘rni hamda uni rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ma’lumki, lotin tili tibbiyot sohasining asosiy tili hisoblanadi. Shu bois, Toshkent davlat stomatologiya instituti tashabbusi bilan O‘zbekistonda yagona “Lotin tili va tibbiyotda xorijiy til” kafedrasi tashkil etilgan. Mazkur kafedra mudiri Israilova Maqsuda Nigmatullayevna moderatorlik qilgan mazkur anjumanda “Lotin tili va tibbiy terminologiya asoslari” fanidan pedagoglarni qayta tayyorlash kursi bitiruvchilariga Diplom topshirish marosimi ham o‘tkazildi.