Umummilliy so‘rovnoma: ta’lim sifati va akademik muhitni yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan respublika miqyosida o‘tkazilayotgan umummilliy so‘rovnoma doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida ham so‘rovnoma jarayonlari tashkil etildi.
Mazkur so‘rovnomada fakultet talabalari hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etib, ta’lim jarayonining dolzarb masalalari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Jumladan, o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarining zamon talablariga mosligi, ilmiy-pedagogik faoliyatni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimi, shuningdek, ta’lim sifatini yanada yaxshilashga doir taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
So‘rovnoma ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilib, ishtirokchilarga o‘z fikr va takliflarini erkin hamda anonim tarzda bildirish imkoniyati yaratildi. Bu esa ta’lim tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash, real holatni baholash va samarali takliflarni jamlashga xizmat qiladi.
Mazkur umummilliy so‘rovnoma nafaqat Sharq filologiyasi fakulteti, balki O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim sifatini har tomonlama baholash, akademik muhitni yanada rivojlantirish hamda zamonaviy, raqobatbardosh ta’lim tizimini shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.