“Vazir kubogi”ga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganildi
Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, talabalar sportini rivojlantirish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Shu asosda, joriy yilning 7–9-aprel kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalar ligasi” doirasida chim ustida xokkey bo‘yicha “Vazir kubogi” bellashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda mazkur nufuzli musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari jadal olib borilmoqda. Universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov sport inshootlari, maydonlar holati hamda tashkiliy ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, u talabalar mashg‘ulotlariga tashrif buyurib, ularning tayyorgarlik darajasini ham o‘rgandi.
Tashrif davomida musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, xavfsizlik va tashkiliy masalalarni puxta yo‘lga qo‘yish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur bellashuv talabalar sportini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim o‘rin tutadi.