3-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi a’zolari Tbilisi davlat universitetida yakuniy uchrashuvni o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida I. Tuxtasinov O‘zbekistonda gruzin tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, ikki mamlakat Bosh vazirlari hamda oliy ta’lim vazirliklari o‘rtasidagi kelishuv va ko‘rsatmalarga muvofiq, joriy yil iyun–iyul oylarida 10 nafar talaba uchun intensiv gruzin tili kurslarini tashkil etish, ushbu jarayon uchun Tbilisi davlat universiteti tomonidan malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, shuningdek, gruzin tili, madaniyati va turizm yo‘nalishlariga mo‘ljallangan maxsus o‘quv dastur ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

 

 

Tbilisi davlat universiteti prorektori Dr. Erekle, Gumanitar fanlar fakulteti dekani hamda professor-o‘qituvchilar iyun–iyul oylarida yakuniy imtihonlar o‘tkazilishi sababli kurslarni dastlab onlayn shaklda, keyingi bosqichini esa oflayn tarzda Tbilisida tashkil etish maqsadga muvofiqligini bildirdilar. Tomonlar ushbu taklif bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar hamda Gruziya tomoni tashkiliy va o‘quv-uslubiy ishlarni boshlashini ma’lum qildi.

Uchrashuvda muhokama qilingan yana bir muhim masala — 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zDJTUga gruzin tili o‘qituvchilarini yuborish bo‘ldi. I. Tuxtasinov mazkur mutaxassislar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. Hamkorlar esa maslahatlashuvlardan so‘ng 1–2 nafar o‘qituvchini yuborish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinishini bildirdilar.

 

 

Shuningdek, talabalar uchun O‘zbekiston va Gruziyada yozgi lagerlar tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yo‘l xaritasiga muvofiq, O‘zbekiston tomonidan 100 nafar talabani yuborish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 10–15 nafari O‘zDJTUdan Tbilisi davlat universitetiga yuborilishi mumkinligi qayd etildi. Dr. Erekle bu borada yetarli tajribaga ega ekanliklarini bildirib, mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube