“Bo‘lajak kadrlarni halollik vaksinasi bilan emlash – davr talabi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida “Bo‘lajak kadrlarni halollik vaksinasi bilan emlash – davr talabi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. U o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani, ushbu illatni yo‘q qilish har bir fuqaroning, ayniqsa yoshlarning fuqarolik burchi ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rakhmonov ham kirish so‘zi bilan ishtirok etib, partiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va targ‘ibot ishlari xususida fikr bildirdi.
Shuningdek, tadbirda Uchtepa tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Shamsiddin Amonov tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qonunchilik asoslari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov tomonidan “Halollik va halollik standartlarini joriy etish” mavzusida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida auditoriyada ochiq muloqot shaklida savol-javoblar o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi kurashishdagi shaffoflik, halollik tamoyillari, yoshlar orasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – jamiyatda korrupsiyaning zararli oqibatlari haqida keng jamoatchilikka yetkazish, yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda huquqiy savodxonlikni oshirishga xizmat qilishdan iboratdir.